Qalin qor yog‘sa, tashqi dunyodan uzilib qoladigan Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘ida oxirgi 2–3 yilda oilaviy ajrimlar kuzatilmagan

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi Ko‘l qishlog‘ida o‘tgan 2–3 yil davomida biror marta ham oilaviy ajrim yoki oilaviy nizolar uchramaganligi aytilmoqda. Bu haqda Qashqadaryo viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasining tarixda birinchi marotaba o‘tkazilgan matbuot brifingida aytib o‘tildi.

Foto: “Daryo”

Matbuot brifingida Shahrisabz tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muhayyo Almirzayevaning ma’lumot berishicha, mazkur qishloqda yashovchi 1302 nafar aholining 650 nafarga yaqini xotin-qizlar bo‘lib, qishloqda 301 ta oila mavjud. “Mazkur qishloq ayollari bilan suhbatlashish uchun borganimizda, qishloq ayollarining turmush o‘rtog‘iga nisbatan itoatkorligini ko‘rib havasimiz keldi, — deydi Muhayyo Almirzayeva. – Ulardan o‘rnak olsak bo‘lar ekan”.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, brifingda “Daryo” muxbirining “Qalin qor yog‘sa tashqi dunyodan uzilib qoladigan Shahrisabzning Ko‘l qishlog‘idagi ayollar muammosi qanday hal etilmoqda? 2016-yil homilador ayolning tug‘uruq paytidagi o‘limi holati takrorlanmasligi uchun qanday ishlar qilinayotganligi xususidagi savoliga javoban viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevning bu xususda maxsus topshirig‘i borligini, Ko‘l qishlog‘i aholisi, ayniqsa ayollar salomatligiga alohida e’tibor qaratish maqsadida qishloq aholisi uchun shifokorlar guruhi tuzilganligini aytib o‘tdi. Mas’ullarning aytishicha, shuningdek Ko‘l QVP sharoitini yaxshilash to‘g‘risida takliflar o‘rtaga tashlangan.

Muhayyo Almirzayeva.
Foto: “Daryo”

“Eng quvonarlisi, ushbu qishloq ayollarida oilaviy munosabatlarni qadrlash hissi yuqori darajada bo‘lganligi bois ham qishloq tarixida so‘nggi 2–3 yil davomida biror marta ham ajralishlar qayd etilmagan”, — deydi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muhayyo Almirzayeva.

Brifingda shuningdek, Qashqadaryo viloyati oilalarni yarashtirish bo‘yicha respublikada eng yaxshi ko‘rsatkichda ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyatda o‘tgan yili yarashtiruvlar soni 424 taga ko‘paygan.

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, viloyat IIB, prokuratura, sud, “Oila” ilmiy-amaliy markazi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etgan matbuot brifingida Markaziy bankning Qashqadaryo viloyat bosh boshqarmasi mutaxassisi Dilfuza Aminovaning ma’lum qilishicha, viloyatdagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun Xotin-qizlarni va oilalarni qo‘llab-quvvatlash Jamoat Fondi mablag‘lari hisobidan viloyatga 3 milliard 626 million mablag‘ ajratilgan.

Foto: “Daryo”

“Ushbu mablag‘lar hisobidan viloyatdagi ayollarni qo‘llab-quvvatlab, ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yillik 7 foizli kreditlar berilishi ko‘zda tutilgan, — deydi Dilfuza Aminova. – Ayni kunga qadar 300 milliondan ortiq mablag‘lar o‘z biznesini boshlash niyatida bo‘lgan ayollarga kredit sifatida taqdim etildi”.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq “Daryo”da 2 metr yoqqan qor sabab Ko‘l qishlog‘i 10 kunga tashqi dunyodan uzilib qolgani, bu kunlarda aholi qanday hayot kechirgani va qishloqdagi boshqa muammolar haqida maqola e’lon qilingandi. O‘sha maqolada tug‘uruq payti yaqinlashgan homilador ayollar tuman markazidagi shifoxonaga borish uchun 250 ming so‘mga mashina “buyurtma qilishga majbur bo‘layotgani ham yozilgandi.

Qo'shdi: XABAR.INFO
Qo'shilgan vaqt: 20.02.2019 / 17:02
Bosh sahifaga